Ustozimizni qutlaymiz!

Xodimlarni, ustoz va murabbiylarni tabriklash bo‘yicha an’anaviy amaliyot doirasida “OʻzInjiniringRespublika loyiha instituti” da hurmatli xodimlarimizdan biri – Tahirov Asamidin Nizametdinovichning 75 yillik yubileyi munosabati bilan tantanali qutlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Asamidin Nizametdinovich Kimyo sanoati byurosining loyihalar bosh muhandisi bo‘lib, butun mehnat faoliyati va kuch-quvvatini kimyo sanoati va muhandislik loyihalash sohasining rivojiga bag‘ishlagan insondir. Kimyo fanlari nomzodi ilmiy darajasi sohibi bo‘lmish Asamidin Nizametdinovich ko‘plab yosh muhandis-loyihachilar uchun ustoz hisoblanadi, yosh loyihachilarga o‘zining boy tajribasi va kasbiy bilimlarini ulashib kelmoqda.

Mehnat faoliyatini 1968-yilda boshlagan Tahirov Asamidin Nizametdinovich yosh mutaxassisdan tortib murakkab loyihalarning bosh muhandisi va rahbarigacha bo‘lgan katta bir yo‘lni bosib o‘tdi, hamkasblari va hamkorlari orasida katta hurmatga sazovor bo‘ldi. Ustozning kimyo sanoatiga oid korxonalarni loyihalashdagi hissasi beqiyos – uning rahbarligi ostida mamlakatimiz sanoati rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ko‘plab muhim loyihalar amalga oshirilgan.

Yubiley kuni Institut jamoasi Asamidin Nizametdinovichni tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, uning fidokorona mehnati, kasbiga sadoqati va faoliyatidagi yutuqlarini alohida e’tirof etdi. Uning faoliyati yosh mutaxassislarni yangi yutuqlarga ilhomlantirib, Institutda ustozlik va murabbiylik an’analarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Uzinjiniring Respublika loyiha instituti” Tahirov Asamidin Nizametdinovichdek xodimlari bilan faxrlanadi va unga mustahkam sog‘lik, uzoq va barakali umr hamda ishlarida yangidan yangi zafarlar tilaydi!


