“O‘zInjiniring” RLIning Fulbright dasturi bilan hamkorligi: Tog‘-kon sohasidagi treninglar
“O‘zInjiniring” RLIning Fulbright dasturi bilan hamkorligi doirasida AQShdan konchilik sohasi bo‘yicha ekspert, professor Sukumar Bandopadhyayning tashrifi tashkil etildi.
Sukumar Bandopadhyay – togʻ-konchilik sohasi boʻyicha fan doktori boʻlib, Alyaska universitetining faxriy professori hamdir. Bu olim ulkan kasbiy tajribaga ega boʻlib, ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibi hisoblanadi.

2024-yil 12-noyabr kuni “O‘zInjiniring” RLIda AQSh elchixonasi va Fulbright dasturi vakillari bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda oʻzaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Uchrashuvda Institut rahbariyati, AQSh konchilik sohasi professori Sukumar Bandopadhyay, AQSh elchixonasi vakillari Harris Lipscomb (Public Diplomacy Officer) va Muhlisa Rasulovalar (Professional Exchanges Coordinator) ishtirok etdilar. Ushbu uchrashuv O‘zbekiston tog‘-kon sanoatini rivojlantirishga xizmat qiladigan tajribalarni almashish va bilimlarni oshirish maqsadida amerikalik mutaxassisning kelishini tashkil etishga qaratilgan bitimda koʻzda tutilgan ishlarning bir qismidir.
Amerikalik mutaxassisning tashrifi dasturida soha mutaxassislari, texnika oliy ta’lim muassasalarining talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun tog‘-kon sanoatida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va jarayonlarni yaxshilashga qaratilgan treninglar va seminarlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida 2024.13.11 sanadan 2024.26.11 sanaga qadar Turin politexnika universiteti, Toshkent Davlat texnika universiteti va uning Olmaliq filiali kabi ta’lim muassasalarida talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun ma’ruza va treninglar tashkil etildi.
Ma’ruza va treninglar davomida ekspert tomonidan quyidagi mavzular yoritildi:
-
“Tog‘-kon sanoatida buyumlar interneti (IoT), mashinalar yordamida o`qitish (ML) va sun’iy intellekt (AI)”
-
"21-asrda muhandislik ta’limi"
-
"Kanada ko‘mir konlarida burg‘ilash va portlatish ishlarini avtomatlashtirish"
-
"Togʻ-kon ishlarida xavfsizlik"
-
"Shaxtalarni yopish, barqaror rivojlanish va korporativ ijtimoiy javobgarlik: Shaxtalarni rejalashtirishda yangi paradigma"
-
"Konchilik asoslari va AQSh konchilik amaliyoti"
-
"Korporativ ijtimoiy javobgarlik"
Talabalar muhokamalarda faol ishtirok etdilar, shuningdek, ancha-muncha foydali maslahatlar va ko‘plab savollarga javoblar oldilar.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularda o‘qitish dasturi va kelgusidagi ehtimoliy hamkorlikka oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ushbu treninglar nafaqat zamonaviy tog‘-kon sanoati sharoitlarida samarali ishlay oladigan, balki konlarni loyihalash va ekspluatatsiya qilishda ijtimoiy va ekologik jihatlarni ham hisobga oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash ishlari uchun unumdor zamin yaratdi.
Shuningdek, 27-noyabr kuni "O‘zInjiniring" RLI xodimlari va taklif etilgan tog‘-kon sanoati mutaxassislari uchun "Tog‘-kon sanoatining asosiy muammolari va istiqbollari" mavzusida ixtisoslashtirilgan trening o‘tkazildi. Ushbu tadbir ishtirokchilarga jahon tog‘-kon sanoati oldida turgan tahdidlar va imkoniyatlar haqidagi, sohada kechayotgan zamonaviy tendensiyalar haqidagi bilimlarni chuqurlashtirish imkonini berdi. Trening davomida ishlab chiqarish jarayonlarini yaxshilashga qaratilgan yangi yondashuvlar, shuningdek, kelajakda sohaning yuzini o‘zgartira oladigan innovatsion yechimlar muhokama qilindi.
2024-yil 28-noyabr kuni ushbu dastur doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) mutaxassislari uchun "Tog‘-kon sanoati 4.0: ishlab chiqarish va ish unumdorligini oshirish" mavzusida trening o‘tkazildi. Trening davomida ishtirokchilar konchilik jarayonlarining ish unumdorligi va samaradorligini oshirish imkonini beruvchi ilg‘or texnologiyalar va usullar bilan tanishdilar. "Aqlli" texnologiyalar va avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalanish zamonaviy tog‘-kon sanoatining ajralmas qismiga aylanib bormoqda va ushbu trening O‘zbekistonda bunday texnologiyalarni joriy etilishida muhim qadam bo‘ldi.
FULBRIGHT dasturi bilan birgalikda ishlash ta’lim va ilm-fan sohasidagi xalqaro sheriklar bilan oʻzaro manfaatli va keng koʻlamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun noyob imkoniyatdir.
O‘qituvchilar va talabalar uchun o‘tkazilgan treninglar bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Tog‘-kon ishlaridagi xavfsizlik va tog‘-kon korxonalarini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha ta’lim berish sohadagi ishlarning xavfsizligi va samaradorligini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Korporativ ijtimoiy mas’uliyat mavzusi ham dolzarbdir, chunki bugungi kunda kompaniyalar nafaqat iqtisodiy nafni, balki atrof-muhit va mahalliy hamjamiyatlarga koʻrsatiladigan ta’sirlarni ham hisobga olishlari kerak.
Ushbu mazmunli o‘quv-ta’lim jarayoni "O‘zInjiniring" RLI rahbariyati hamda professor Sukumar Bandopadhyay oʻrtasida oʻtkazilgan soʻnggi uchrashuv bilan yakun topdi. Amerikalik hamkasblar bilan amalga oshirilayotgan unumli hamkorlik uchun minnatdorlik va e’tirof sifatida uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik mustahkamlanayotganligining ramzi oʻlaroq milliy sovg‘alar bilan oʻzaro almashdilar.

Ushbu tadbirlar nafaqat mutaxassislar va o‘qituvchilarning kasbiy bilim darajasini oshirdi, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qildi.



